O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi xodimlarining
ODOB-AXLOQ QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi xodimlarining Odob-axloq qoidalari (keyingi o‘rinlarda - Odob-axloq qoidalari) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi xodimlarining (keyingi o‘rinlarda - xodimlar) kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida hamda xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi, tashqi ko‘rinishi va kiyinish uslubining qoidalarini belgilaydi.
Odob-axloq qoidalari davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga hurmat va ishonchni oshirish hamda xodimlarning axloq qoidalariga zid xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilgan boʻlib, ular Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatlarini amalga oshirilishini taʼminlashga doir mehnat shartnomasi asosida haq toʻlanadigan kasbiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi shaxslar (xodimlar) uchun amal qiladi.
2. Xodimlar oʻz kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishi shart:
qonuniylik;
Vatanga sadoqat va xizmat vazifasiga fidoyilik, yuklangan vazifalarini toʻliq bajarish, ijro intizomiga qatʼiy rioya etish;
fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik;
adolatlilik, halollik va xolislik;
korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda boʻlish va qarshi kurashish;
xizmat sirini qatʼiy saqlash;
mansab vakolatlarini suisteʼmol qilmaslik;
manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik.
3. Xodimlar mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda xulq-atvorning quyidagi umumiy qoidalariga amal qilishi lozim:
davlat xizmatining obroʻsiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti- harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish;
masʼuliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish;
murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashish;
xushmuomalalik, eʼtiborlilik va hushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hissini uygʻotish;
oilasida sogʻlom muhitni taʼminlab, oila aʼzolariga doimiy gʻamxoʻr bo‘lish, farzandlarida vatanparvarlik va boshqa yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirish;
fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qatʼi nazar, ular bilan bir xil, samimiy, odob doirasida munosabatda bo‘lish;
jamiyatda axloqning umumeʼtirof etilgan qoidalariga amal qilish.
4. Xodimlar oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Qonunlariga, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda ushbu Odob-axloq qoidalariga amal qiladi.
5. Xodimlar Odob-axloq qoidalariga rioya qilish majburiyatiga, fuqarolar esa, xodimlardan mazkur qoidalarga mos kasbiy madaniyatni talab qilish huquqiga ega.
6. Xodimlarning Odob-axloq qoidalariga rioya etishi ularning faoliyati hamda xizmatdagi axloqini baholashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.
Xodimlar tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya qilinishi holati ularni kelgusida yuqori lavozimlarga tayinlash va rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.
2-bob. Kasbiy madaniyatga oid umumiy odob-axloq qoidalari
7. Xodimlar:
fuqarolarning jinsi, irqi, millati, fuqaroligi, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi kamsitilishiga olib keluvchi taʼsir choralari va harakat/harakatsizliklarga yo‘l qoʻymasligi;
halol, adolatli va kamtar bo‘lishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazinin va samimiy munosabatni namoyish qilishi;
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qarorlarni qabul qilishda qonuniylikni, adolatlilikni va shaffoflikni taʼminlashi;
davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazuvchi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini pasaytiradigan harakat/harakatsizliklardan tiyilishi;
oʻzining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini koʻrishi, tanqid uchun taʼqibga yoʻl qoʻymasligi, asosli va konstruktiv tanqiddan oʻz faoliyatidagi kamchiliklar hamda nuqsonlarni bartaraf etish yoiida foydalanishi;
davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari boshqa shaxslarga oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda, shaxsiy masalalar yuzasidan taʼsir oʻtkazmasligi;
oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olmasligi;
davlat mulkining but saqlanishini taʼminlashi, oʻziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi;
xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilishi, ish vaqtidan oqilona va samarali foydalanishi;
aholining davlat xizmatlari isteʼmolchisi sifatidagi talablariga muvofiq, doimiy ravishda faoliyat sifatini oshirib borish choralarini koʻrishi;
qonun bilan intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan huquqbuzarlik va boshqa xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymasligi;
kasb etikasi va ishchanlik uslubiga rioya etishi;
siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlari manfaatlari yoʻlida xizmat mavqeyi va imkoniyatlaridan foydalanmasligi kerak.
8. Xodimlar oʻziga boʻysunuvchi xodimlardan ular mehnat vazifasini bajarayotgan paytda partiya nomidan siyosiy faoliyat bilan shugʻullanishni talab qilishi, siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlari faoliyatida ishtirok etishga daʼvat etishi yoki majburlashiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Xizmat faoliyatiga oid odob-axloq qoidalari
9. Xodimlar xizmat faoliyati davomida quyidagilarga majbur:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga soʻzsiz rioya etishi;
mamlakat shaʼnini eʼzozlash, davlat siyosatiga sodiq boʻlish;
tashqi siyosat sohasida davlat manfaatlarini qatʼiy himoya qilish;
oʻz xizmat vazifalarini vijdonan, halol va yuksak professional darajada bajarish, rasmiyatchilik, soxtakorlik va suisteʼmolchilikka yoʻl qoʻymaslik;
xizmat majburiyatlarini samarali bajarish uchun zarur bilim
va koʻnikmalarni doimiy ravishda oshirish;
yuqori davlat organlari va tashkilotlari hamda mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari hamda berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarga biron-bir shaxs, guruh yoki idoralar manfaati nuqtayi nazaridan yondashmaslik hamda ularning manfaatlari ifoda etilishiga yoʻl qoʻymaslik;
har qanday qonun buzilishiga, ayniqsa, korrupsiya holatlariga qarshi murosasizlik bilan kurashish;
xizmat safarlari, nazorat tadbirlari davomida mehnat faoliyati bilan bog‘liq har qanday turdagi sarf-xarajatlarni boshqa shaxslar hisobidan amalga oshirmaslik;
xodimlar yoki boshqa shaxslar tomonidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etishga undovchi murojaatlar haqida, shuningdek, hamkasblari tomonidan sodir etilgan yoki tayyorgarlik koʻrilayotgan qonun buzilishlar haqida oʻzining rahbariga zudlik bilan maʼlum qilish;
rahbariyatining ruxsati berilgan hollardan tashqari, chet el fuqarolari bilan alohida belgilangan tartibga zid ravishda bevosita yoki boshqa shaxslar orqali muloqotga kirishmaslik;
oʻz xizmat majburiyatlarini bajarayotganda fuqarolar va boshqa shaxslarni kamsitmaslik, ularning taʼsiridan saqlanish, fuqarolar huquqlari, majburiyatlari
va qonuniy manfaatlarini hisobga olish;
oʻz xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishga toʻsqinlik qilishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan saqlanish;
davlat siri, qonun bilan qoʻriqlanadigan va xizmatga oid boshqa maʼlumotlarning oshkor etilmasligini taʼminlash yuzasidan barcha choralarni koʻrish, ulardan qonunga zid ravishda foydalanmaslik;
axborotlarni tarqatish qoidalariga rioya qilish, butun jahon internet tarmog‘i va axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanishda axborot xavfsizligini taʼminlashning belgilangan tartibiga amal qilish;
biriktirilgan xizmat kompyuteri hamda elektron tashuvchilaridagi xizmatga oid maʼlumotlarning xavfsiz saqlanishini taʼminlash va ularni boshqa shaxslarga tarqatilishining oldini olish choralarini koʻrish;
ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlarni hamda mansabdor shaxslar faoliyatini tanqidiy muhokama qilmaslik, axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan materiallarni joylashtirmaslik;
fuqarolar va hamkasblarining shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiruvchi maʼlumotlar, tuhmat, igʻvo va uydirmalarni tarqatmaslik;
mehnat va ijro intizomi, ichki tartib qoidalariga, shuningdek, telefonda soʻzlashish va kiyinish madaniyatiga qatʼiy rioya etish;
oʻziga ishonib topshirilgan mulkka hamda moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lish;
jamoada sog‘lom maʼnaviy muhitni saqlash choralarini koʻrish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunda belgilangan tartibda hamda muddatlarda qonuniy, asosli va adolatli hal qilish;
mehnat jamoasida ishchanlik muhitini shakllantirish va uni mustahkamlashga koʻmaklashish;
mehnat jamoasida hamkasblarining shaʼni va qadr-qimmatini obroʻsizlantiradigan shaxsiy va kasbiy fazilatlarini muhokama qilishdan tiyilishi kerak.
10. Rahbarlar (O‘zdavzaxira, O‘zdavzaxiraning markaziy apparatining boshqarma va boʻlimlari hamda O‘zdavzaxira tarkibiga kiruvchi korxonalar rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari) quyidagilarga majbur:
boʻysunuvidagi xodimlarga professionalizm, halollik, xolislik va adolatlilikda oʻrnak boʻlish;
jamoada sogʻlom maʼnaviy muhit va ishchan kayfiyatni shakllantirish;
xodimlarni qonunga xilof xatti-harakatlarni amalga oshirishga undamaslik hamda ulardan bunday harakatlarni bajarishni talab qilmaslik;
kadrlarni mahalliychilik, urugʻ-aymoqchilik, tanish-bilishchilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari boʻyicha tanlash, tayinlash yoki tavsiya etishga yoʻl qoʻymaslik;
jamoada guruhbozlik va favoritizm (ayrim xodimlarni yaqin olish va qoʻllab- quvvatlash) koʻrinishlariga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning oldini olish;
xodimlarning faoliyatiga baho berishda qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish;
xodimlar tomonidan korrupsiya va boshqa suiisteʼmolchiliklar sodir etilishining oldini olish choralarini koʻrish;
vakolati doirasida shartnomalar tuzish, tanlovlar oʻtkazish yoki rozilik berish masalalariga xolis, adolatli va qonuniy yondashish.
11. Rahbarlar boʻysunuvidagi davlat xizmatchilariga qoʻpol muomalada boʻlishi, haqorat qilishi, shaxsiyatiga tegishi, ularga asossiz tanbeh berishi yoki ayblashi hamda kamsitishi mumkin emas.
4-bob. Xizmatdan tashqari odob-axloq qoidalari
12. Xodimlar ishdan boʻsh vaqtlarida umumqabul qilingan axloq normalariga rioya qilishlari hamda ularga zid boʻlgan xulq-atvor va xatti-harakatlardan o‘zlarini tiyishlari shart.
13. Xodimlar ishdan tashqari vaqtda quyidagilarga majbur:
milliy urf-odat, qadriyat va anʼanalarga hurmat bilan munosabatda boʻlish;
dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yoʻl qoʻymaslik;
rasmiy eʼlon qilingan maʼlumotlardan tashqari davlat xizmati faoliyatiga oid masalalarni muhokama qilmaslik;
jamoat joylarida (kafe, restoran va boshqa koʻngilochar maskanlarda) oʻzini tutish qoidalariga rioya etish, atrofdagilarning eʼtiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yoʻl qoʻymashk;
jamoat tartibi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etmaslik, mazkur noqonuniy harakatlarga boshqalarni jalb etmaslik yoki daʼvat qilmaslik;
xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq idora va tashkilotlarning rahbar hamda xodimlaridan, boshqa mansabdor shaxslaridan qimmatbaho sovgʻa olmaslik;
xizmat guvohnomalarini saqlash va foydalanish tartibiga qatʼiy rioya etish, ulardan xizmatga aloqador boʻlmagan holatlarda foydalanmaslik, shu jumladan, vakolatli shaxslarga xizmat guvohnomasini koʻrsatib, mavqeyini suiisteʼmol qilmaslik;
xizmat avtotransport vositalaridan xizmat faoliyatidan tashqari holatlarda shaxsiy va boshqa maqsadlarda foydalanmaslik;
ish faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlarni ishga aloqador boʻlmagan boshqa shaxslar ishtirokida muhokama qilmaslik;
shaxsiy transport vositalaridan foydalanishda belgilangan tartibga amal qilish, yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya etish;
tadbirkoriik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shugʻullanmaslik, O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
oʻzi faoliyat yuritayotgan davlat organi va tashkiloti hamda davlat xizmatiga dogʻ tushiruvchi xatti-harakatlardan tiyilish;
tashqi koʻrinishini belgilangan meʼyorlar doirasida saqlash, kamtarona kiyinish, atrofdagilarning eʼtiborini oʻziga ortiqcha jalb qiladigan tarzda kiyinmaslik.
5-bob. Jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarga oid odob-axloq qoidalari
14. Xodimlar ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qilishi, O‘zdavzaxira faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga koʻmaklashishi kerak.
15. Davlat siyosati yoki O‘zdavzaxira faoliyati toʻgʻrisidagi ommaviy bayonotlar O‘zdavzaxira rahbarlari yoki mazkur yoʻnalish boʻyicha vakolatli mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
16. Quyidagi hollarda ommaviy bayonot berilishi mumkin emas:
ommaviy bayonot matni hamda mazmuni davlat siyosati yoki davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga aloqador boʻlmasa;
ommaviy bayonotda keltiriladigan axborotlar davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlsa;
ommaviy bayonot boshqa davlat organlari va tashkilotlari nufuzini pasaytirish yoki ularning mansabdor shaxslarini kamsitishga yoʻnaltirilgan boʻlsa.
17. O‘zdavzaxira faoliyatida jamoatchilik nazoratini taʼminlash maqsadida jamoatchilik tomonidan O‘zdavzaxiraning faoliyatiga oid ayblov yoki tanqid bildirilgan taqdirda O‘zdavzaxira unga nisbatan bildirilgan ayblov yoki tanqidga ommaviy izoh yoxud raddiya berishi lozim.
18. Agar ommaviy bayonotda fuqarolarning shaʼnini yoki qadr-qimmatini kamsitadigan iboralar boʻlsa, xodim oʻz fikrlarining yanglishligi yoki notoʻgʻriligini tan olishi hamda shaʼni, qadr-qimmatiga va ishchanlik obroʻsiga daxl qilingan fuqarodan, agar qonun hujjatlarida boshqa oqibatlar nazarda tutilmagan boʻlsa, kechirim soʻrashi shart.
6-bob. Xizmat faoliyatidagi tashqi koʻrinish va kiyinish uslubiga oid odob-axloq qoidalari
19. Xodimlarning xizmat faoliyatidagi tashqi koʻrinishi hamda kiyinish uslubi fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga hurmatini, shu jumladan, davlat xizmatining nufuzini oshirishga xizmat qilishi kerak.
20. Xodimlarning tashqi koʻrinishi mehnat sharoitlari va xizmat turiga qarab, xizmat majburiyatlarini bajarishi vaqtida fuqarolarning davlat tashkilotiga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishiga koʻmaklashishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq boʻlishi hamda rasmiylik, xolislik, kamtarlik va intizomni namoyon etishi lozim.
21. Xodimlarning ish joyida (ish vaqtida) tashqi koʻrinishi va kiyinish uslubiga oid umumiy va asosiy talablar:
kiyinish uslubi oddiy hamda ish uslubiga monand, yaʼni kiyimi toza, dazmollangan, atrofdagilarni oʻziga jalb qiladigan turli xildagi bezaklardan xoli boʻlishi, shuningdek, har xil koʻzga tashlanadigan taqinchoqlar (ayollar); erkaklarga hajmi katta taqinchoq va aksesuarlar taqish man etiladi;
Erkak xodimlarga klassik kiyim, och ranglardagi koʻylak, boʻyinbogʻ hamda qora yoki jigarrang oyoq kiyim tavsiya etiladi. Futbolkalar, sport uslubidagi kiyimlar man etiladi.
Ayol xodimlar yelka qismini ochib turadigan, turli katta rasm va yozuvli kiyimda boʻlishi mumkin emas. Shuningdek, bir xil tusli klassik kiyimlar (poyabzal hamda taqinchoq) tavsiya etiladi. Kalta yubka (yubkaning uzunligi oyoq tizza qismining oʻrtasigacha boʻlishi) va jinsi shimda ishxonaga kelish man etiladi;
Ob-havodan qatʼi nazar, libos yengsiz, yelka qismini ochib turmasligi hamda tanani shaffof koʻrsatib turuvchi yupqa matodan tikilgan boʻlmasligi talab etiladi.
7-bob. Manfaatlar toʻqnashuvi
22. Xodimlar mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boigan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymasligi kerak.
23. Manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda xodimlar oʻzining rahbarini darhol xabardor qilishi shart.
Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olgan rahbar bu toʻqnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan oʻz vaqtida choralar koʻrishga majbur.
8-bob. Xodimlarining manfaatini himoya qilish
24. Xodimlarini xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq tahdid, haqorat, tuhmat va konunga xilof boshqa xatti-harakatlardan himoya qilish Qo‘mitaning raisi va tashkilotlarning rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
25. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga tusqinlik qilish, jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etishga og‘dirishga qaratilgan murojaatlar, shuningdek, hamkasblari tomonidan sodir etilgan yoki sodir etishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan qonunbuzilishlar haqida xabar bergan xodimlarni vujudga kelishi mumkin bo‘lgan taxdid va xavf-xatarlardan himoya qilish choralari ko‘riladi.
9-bob. Odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish
26. Xodimlar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat O‘zdavzaxiraning Kadrlar bo‘limi, tizimga kiruvchi tashkilotlarning kadrlar bo‘linmalari yoki Odob-axloq komissiyalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
27. O‘zdavzaxirada lavozimga tayinlangan xodimlar tegishli Kadrlar bo‘linmalari tomonidan Odob-axloq qoidalari bilan tilxat asosida imzo qo‘ydirgan holda tanishtiriladi.
28. Odob-axloq qoidalarini buzish holatlari boʻyicha xizmat tekshiruvi rahbariyat koʻrsatmasiga muvofiq, Odob-axloq komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi.
10-bob. Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik
29. Xodimlar tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati aniqlanganda ularga nisbatan axloqiy va intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi.
30. Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun Odob-axloq komissiyasi tomonidan xodimlarga quyidagi axloqiy taʼsir choralari qoʻllaniladi:
ogohlantirish;
uzr soʻrash yoki rasmiy uzmoma keltirishni talab qilish;
kollegial yigʻilishlarida tanbeh berish.
31. Odob-axloq komissiyasi xodimga nisbatan intizomiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun ish beruvchiga taqdimnoma kiritishi mumkin.
Odob-axloq komissiyasi odob-axloq qoidalari ish beruvchi tomonidan buzilgan taqdirda, ularga nisbatan tegishli chora koʻrish masalasi yuzasidan takliflarni yuqori turuvchi davlat organi va tashkiloti rahbariga yuboradi.
32. Xodimning Odob-axloq qoidalarini buzishi ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
33. Xodim tomonidan uning xizmat faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan odob-axloq qoidalari talablari buzilgan holat yuzasidan unga nisbatan vakolatli davlat organlari tomonidan maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilgan taqdirda, ish beruvchi tomonidan xodim maʼmuriy javobgarlikka tortilganini inobatga olgan holda, intizomiy jazo chorasini qoʻllanilishi masalasi koʻrib chiqiladi. Vakolatli davlat organlari tomonidan shaxsning xatti-harakatlari yuzasidan kiritilgan taqdimnoma yuzasidan intizomiy javobgarlik masalisini koʻrib chiqish holati bundan mustasno.
11-bob. Yakuniy qoida
34. O‘zdavzaxira tizimiga kiruvchi tashkilotlar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda mazkur Odob-axloq qoidalariga muvofiq o‘z idoraviy odob-axloq qoidalarini tasdiqlaydi.