Ijtimoiy va tibbiy muhofazani kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi | O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat Zaxiralarini Boshqarish Qo'mitasi
×
AsosiyQo'mita haqidaTender va konkurslarQonunchilik bazasiDavlat ramzlariSayt xaritasiYangiliklarAloqa

O'zbekiston yangiliklari

30.03.2020

Ijtimoiy va tibbiy muhofazani kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, mazkur kasallik jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir etmoqda. Odamlar salomatligidan iqtisodiyotni ustun qo‘ygan davlatlarning achchiq tajribasi bu yo‘lning nechog‘lik noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatmoqda.

Shu bois mamlakatimizda infeksiyaning keng tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda kasallikni davolashga barcha kuch va vositalar safarbar qilindi.

Xususan, karantinga olingan fuqarolarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida birinchi bosqichda 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan karantin zonasini barpo etish ishlari yakunlanmoqda.

Ushbu viloyatda 2 ta besh ming o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilmoqda. Uning mingtalik birinchi bloki yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi.

Bundan tashqari, Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida har biri ming kishilik modul kasalxonalar va karantin punktlarini jihozlash ishlari boshlandi.

Yig‘ilishda aholini ijtimoiy va tibbiy muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Sog‘liqni saqlash va moliya vazirliklariga 300 mingta ekspress-test va 500 ta sun’iy nafas oldirish apparati xarid qilish, xavf yuqori bo‘lgan aholi punktlarida ko‘chma laboratoriyalar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Shifokorlarimizga amaliy yordam berish va ularning malakasini oshirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, tibbiyot niqoblari ishlab chiqarishni kuniga 5 million donaga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlat organlari va nodavlat tashkilotlar o‘z xodimlarining kamida 50 foizini haq to‘lanadigan ta’tilga chiqarishi, qolganlar masofadan ishlashga o‘tkazilishi zarurligi ta’kidlandi.

Surunkali kasallikka chalinganlar hamda 60 yoshdan oshganlar tashqariga chiqmasligi, bunday xodimlar 100 foiz mehnat ta’tiliga chiqarilishi tavsiya etildi.

Tibbiyot va harbiy oliy o‘quv yurtlari talabalaridan iborat ko‘ngillilar jamoasini tuzib, yolg‘iz keksalar, boquvchisi yo‘q oilalarga hamda olis hududlarga oziq-ovqat, gigiyena va dori vositalari yetkazib berishni tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekistonga olib kirilayotgan dori-darmonlar, substansiyalar, tibbiy texnika va boshqa zarur tovarlarni bojxona to‘lovlaridan, shu jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19-martdagi farmoniga muvofiq, bu borada ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar belgilangan edi.

Bugungi yig‘ilishda davlatimiz rahbari biznes vakillarining fikrini inobatga olgan holda, ularga yana qo‘shimcha yengilliklar berish zarurligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, 1-oktabrga qadar tadbirkorlarning foydalanilmayotgan ob’ektlariga nisbatan mol-mulk va yer solig‘ining oshirilgan stavkalari qo‘llanilmaydi. 1-noyabrga qadar koronavirus pandemiyasi tufayli moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan korxonalar bankrot deb e’lon qilinmaydi. Karantin muddati davomida tadbirkorlik sub’ektlari foydalanayotgan 3 ming 600 dan ortiq davlat mulki ob’ektlari bo‘yicha ijara haqlarini undirish to‘xtatiladi. Shuningdek, barcha loyihalar doirasida investitsiyaviy majburiyatlarni bajarish muddatlari 6 oyga uzaytiriladi.

Bundan tashqari, karantin davrida tadbirkorlarning hisob raqamini to‘xtatib qo‘yish taqiqlanadi. Aholiga tovarlarni yetkazib berish hamda tashish xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olish talabi vaqtinchalik bekor qilinadi.

Yig‘ilishda yangi ish o‘rinlari yaratishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi sifatida qayta tashkil etilishi ma’lum qilinib, uning asosiy vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti