Korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlari takomillashtiriladi | O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo'mitasi
×
AsosiyQo'mita haqidaTender va konkurslarQonunchilik bazasiDavlat ramzlariSayt xaritasiYangiliklarKorrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazoratiAloqa

O'zbekiston yangiliklari

12.02.2020

Korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlari takomillashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Korrupsiya iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investisiya muhiti uchun eng asosiy to‘siqlardan biridir. Tahlillarga ko‘ra, bu illat jahon iqtisodiyotiga har yili o‘rtacha 2,6 trillion dollar zarar keltiradi.
 
Mamlakatimiz ham muammodan xalos bo‘lmagan. Dunyodagi korrupsiya darajasini o‘rganuvchi Transparency International xalqaro tashkiloti indeksida O‘zbekiston oxirgi uch yilda 12 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali bu illat barham topmagan. 
 
Yurtdoshlarimizning fikricha, sog‘liqni saqlash, ta'lim, bank, bojxona, sud, prokuratura, ichki ishlar, kommunal xizmat sohalarida, shuningdek, fuqarolarni ishga qabul qilishda korrupsiya keng tarqalgan.
 
Misol uchun, tahlillarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimidagi xarajatlarning 25-30 foizi samarasiz sarflanmoqda. Ko‘plab sohalarda davlat xaridlarini amalga oshirish tizimi ochiq-oshkora emas.
 
Davlatimiz rahbari yaqinda Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra barvaqt oldini olishga o‘tish kerakligini ta'kidlab, unga qarshi kurashishga mas'ul bo‘ladigan alohida organ tuzishni taklif qilgan edi.
 
Bugungi yig‘ilishda ushbu yangi tuzilmani tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
 
Korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan sohalarda bu illatdan qutulish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, ijrosini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
 
Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yo‘li davlat organlari faoliyati va ish jarayonlarini shaffof qilishdir. Bunda eng asosiy e'tiborni ishga olish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va lisenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni ta'minlashga qaratish lozimligi belgilandi.
 
Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda vazirlik, kompaniya va hokimliklarda ichki korrupsiyaga qarshi choralarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi “komplaens nazorat” tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
 
Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, davlat xizmatchilari mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tiziminining barcha tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqib, amaliyotga kiritish shartligi ta'kidlandi.
 
Mutasaddilarga xorijiy tajriba asosida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilmani tashkil etishga doir hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi. Mazkur tuzilma nafaqat bu borada davlat siyosatini amalga oshirishi va muvofiqlashtirishi, balki korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha kuch va vositalarga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
 
Ushbu illatga qarshi kurashishdagi yana bir muhim vositalardan biri – jamoatchilik nazorati.
 
Bugungi kunda yurtimizda 10 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Lekin ularning o‘rni va faolligi sezilmayapti. Chunki bu tashkilotlar manfaatlarini ifoda etuvchi, davlat bilan ko‘prik vazifasini bajaruvchi yaxlit tizim yo‘q.
 
Hozirda jamoatchilik bilan ishlash tizimi joylarda va sohalarda xalqimizni qiynayotgan masalalarni davlat miqyosiga olib chiqib, hal qilishda natija ko‘rsata olmayapti. Ko‘p nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati rasmiyatchilikdan iborat bo‘lib qolmoqda.
 
“Mahalla”, “Nuroniy”, Xotin-qizlar qo‘mitasi kabi yirik birlashmalardan xalqimiz qanday naf ko‘ryapti, ular hayotimizdagi qaysi o‘tkir masalani ko‘tarib, hal qilishga erishdi, degan savolga, afsuski, ijobiy javob yo‘q.
 
Shu bois Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida Jamoatchilik palatasi tashkil etish taklifini ham bildirgan edi.
 
Bugun yig‘ilishda ushbu palataning asosiy vazifalari, tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.
 
Jamoatchilik palatasi aholi fikrini muntazam ravishda o‘rganib borishi, ularning yechimini topish bo‘yicha davlat idoralari oldiga aniq vazifalarni qo‘yishi zarurligi ta'kidlandi. “Jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik monitoringi”, “jamoatchilik ekspertizasi”, “jamoatchilik tashabbusi” kabi ta'sirchan nazorat shakllarini hayotga tatbiq etish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
 
Nodavlat notijorat tashkilotlari hamda davlat idoralari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini jonlantirish, ularga har tomonlama uslubiy ko‘mak berish ham yangi palata faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan bo‘ladi.
 
Shu kabi vazifalardan kelib chiqib, Jamoatchilik palatasining tashkiliy-huquqiy asosini yaratish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish bo‘yicha 2020-2021 yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
 
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini takomillashtirish, jamiyat hayotiga oid muammolarni o‘rganish va samarali hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga grantlar ajratish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
 
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti