O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga | O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat Zaxiralarini Boshqarish Qo'mitasi
×
AsosiyQo'mita haqidaTender va konkurslarQonunchilik bazasiDavlat ramzlariSayt xaritasiYangiliklarAloqa

O'zbekiston yangiliklari

11.11.2021

O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga

Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli kasaba uyushmalari xodimlari va faollari!

Avvalo, siz azizlarni, sizlar orqali kasaba uyushmalarining millionlab a’zolarini mamlakatimizda ilk bor nishonlanayotgan bayram – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.

Bugungi kunda yurtimizda kasaba uyushmalari tizimida 33 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda hamda 6 500 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar fidokorona mehnat qilib kelmoqda.

Ayni paytda, kasaba uyushmalari o‘z safida 5,5 million nafardan ziyod a’zolarni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Ushbu ustuvor vazifani samarali ta’minlash maqsadida so‘nggi 5 yilda kasaba uyushmalari tizimida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi, mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi.

Korxona va tashkilotlarda yil davomida 1 nafar ishchi va xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasiga sarflanadigan o‘rtacha mablag‘ miqdori 5 marotaba oshirildi.

Bu davrda Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimida 14 ta sog‘lomlashtirish maskani qurildi, 5 tasi rekonstruksiya qilindi. Natijada bir yilda qo‘shimcha ravishda 34 ming nafar yurtdoshimizni tizimdagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, 593 mingga yaqin xodimlar va ularning oila a’zolari, 8700 dan ortiq urush va mehnat fronti faxriylari sanatoriylarda sog‘lomlashtirilgani, 1,5 million nafardan ortiq bolalarning oromgohlarda dam olishlari tashkil etilgani ham bu boradagi ishlar ko‘lamining kengligidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, 788 mingdan ziyod xodimlar va ularning oila a’zolari, 14 mingga yaqin keksa avlod vakillari va 15 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalar a’zolarining respublikamizdagi diqqatga sazovor qadamjolarga sayohatlari tashkil qilindi.

Xodimlar mehnatini muhofaza qilish maqsadida kasaba uyushmalari tomonidan 16 mingga yaqin korxona va tashkilotlar faoliyati o‘rganilib, aniqlangan 61 mingdan ziyod kamchiliklar bartaraf etilishi ta’minlandi.

Soha xodimlarining sa’y-harakatlari natijasida 14 mingga yaqin xodimlarning buzilgan mehnat huquqlari tiklanib, ular foydasiga 3,6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berildi.

Keyingi yillarda sohada xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kasaba uyushmalari umumkonfederatsiyasiga a’zolikka qabul qilindi, Markaziy Osiyo davlatlarining turdosh tashkilotlari bilan kelishuvlar tuzildi, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.

So‘nggi yillarda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda kasaba uyushmalari faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi orqali o‘tgan davr mobaynida mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar bilan hamkorlikda 6,5 milliondan ortiq xotin-qizlar bilan muloqotlar o‘tkazilib, 900 mingga yaqin opa-singillarimizning muammolarini ijobiy hal etishda kasaba uyushmalari davlatimizga mustahkam tayanch bo‘lib maydonga chiqqanini minnatdorlik bilan e’tirof etish joiz.

Bu haqda gapirganda, o‘tgan yili Kasaba uyushmalari federatsiyasi huzurida tashkil etilgan 1211 “ishonch telefoni”ga kelib tushgan xotin-qizlarning 100 mingga yaqin murojaatlarida bildirilgan masalalarning hal etilgani alohida tahsinga loyiq.

 

Hurmatli do‘stlar!

Ma’lumki, biz o‘z oldimizga Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk vazifani strategik maqsad qilib qo‘ydik. Shu ma’noda, “Inson qadri uchun” g‘oyasini umummilliy harakatga, yurtimizni keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylantirishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan bir qatorda, hech shubhasiz, kasaba uyushmalari ham muhim o‘rin tutadi.  

Biz bundan buyon ham bandlikni ta’minlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohalarida ijtimoiy sheriklik imkoniyatlarini yanada kengaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga oid tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shu bilan birga, korxona va tashkilotlarda xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ish beruvchilar va rahbarlar butun dunyoda tan olingan quyidagi qoidaga amal qilishlarini istardim: har qaysi korxona yoki tashkilotda albatta kasaba uyushmasi faoliyat ko‘rsatishi va rahbarlar albatta ular bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi shart. Shundagina jamiyatimizda mehnat qonunchiligi buzilishi holatlarining oldi olinadi, hayotimizda ijtimoiy adolat yanada mustahkam qaror topadi.

 

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Jonajon Vatanimiz o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga kirayotgan, inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash barcha sohalarda biz uchun bosh maqsadga aylanayotgan hozirgi paytda hayotning o‘zi butun xalqimiz kabi kasaba uyushmalari oldiga ham ulkan vazifalarni qo‘ymoqda.

O‘zining katta va boy tajriba maktabi, shonli an’analariga ega bo‘lgan mamlakatimiz kasaba uyushmalari ularni samarali hal etib, Yangi O‘zbekistonda yangicha mehnat munosabatlari shakllanishi va ravnaq topishiga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman.

Biz bu yo‘lda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasaba uyushmalarining fuqarolik jamiyatining eng faol institutlaridan biriga aylanishi uchun ko‘maklashish bo‘yicha bundan buyon ham bor imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, mas’uliyatli va olijanob ishlaringizda yangi-yangi yutuqlar tilayman.

Mana shunday quvonchli kunlaringiz ko‘p bo‘lsin, xonadonlaringizdan hech qachon tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxt va omad arimasin! 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti