O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga | O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat Zaxiralarini Boshqarish Qo'mitasi
×
AsosiyQo'mita haqidaTender va konkurslarQonunchilik bazasiDavlat ramzlariSayt xaritasiYangiliklarAloqa

O'zbekiston yangiliklari

30.09.2021

O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Qadrli faxriylar!

Avvalo, siz, azizlarni, ta’lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda siz, zahmatkash ustozlarga ko‘nglimizda, yuragimizda bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarni so‘z bilan to‘liq ifoda etish qiyin, albatta. Chunki sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlarsiz. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu o‘lmas meros – yaxshi tarbiyadir.

Shu bois bugun sizlarning sha’ningizga bildirayotgan olijanob istaklarimiz, ta’zim va tashakkurlarimizni butun el-yurtimizning cheksiz hurmat va ehtiromi ramzi sifatida qabul etgaysiz.

Aziz yurtdoshlar!

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tug‘ilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda.

Biz bu jarayonda inson kapitaliga e’tiborni yanada kuchaytirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish borasida muhim dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Masalan, besh yil oldin yurtimizda 5 ming 211 ta bog‘cha faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu raqam 19 ming 316 taga, tizimdagi qamrov 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar o‘rtasida esa 77 foizga yetdi.

Mamlakatimizda yangi turdagi va yangi sifat bosqichidagi ta’lim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyat yuritmoqda. Hozirgi kunga kelib, matematika yo‘nalishida 112 ta, fizika yo‘nalishida 14 ta, kimyo-biologiya bo‘yicha 87 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha 99 ta, xorijiy tillar bo‘yicha 207 ta ixtisoslashgan maktablar faoliyat olib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

Oliy ta’lim sohasida ham jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi besh yilda chet ellardagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 67 ta yangi universitet va institutlar hamda filiallari barpo etilib, ularning umumiy soni 144 taga yetkazilgani, qamrov darajasi 3 karra ortib, 9 foizdan 28 foizga yetgani ham shundan dalolat beradi.

Joriy o‘quv yilida eng zamonaviy talab va standartlar asosida tashkil etilgan Yangi O‘zbekiston universiteti dastlabki talabalarni o‘z bag‘riga qabul qildi.

Bunday yangilanish jarayonlarida ustoz-murabbiylarimizning ishga, hayotga munosabati va mas’uliyati tubdan o‘zgarib, ularning doimiy izlanib, yangilikka intilib yashayotgani, ilg‘or ta’lim texnologiyalari va metodikalarini puxta o‘zlashtirib borayotgani, hech shubhasiz, hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Muhtaram vatandoshlar!

Bugungi shiddatli zamon oldimizga qanday murakkab vazifalarni qo‘yayotganini barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz. Ularni hal etish va ezgu maqsadlarimizga yetish, dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lish uchun xalqimizni, avvalambor, yoshlarimizni  ilm-fan, ma’rifat va ma’naviyat, taraqqiyot yutuqlari bilan qurollantirishimiz kerak.

Ayni shu maqsadda ta’lim mazmunini to‘liq yangilash uchun  mamlakatimiz olimlari, tajribali pedagoglar va xorijiy ekspertlarni keng jalb qilgan holda, Milliy o‘quv dasturi yaratilib, bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Zamonaviy darsliklarni yaratish bo‘yicha dastlabki natijalarga erishilib, joriy yilda ilk bor bir milliondan ortiq boshlang‘ich sinf o‘quvchilarimiz yangi darsliklar bo‘yicha ta’lim olmoqda.

Bugungi kunda oliy ta’lim tizimini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, oliygohlarimizni ta’lim va ilm-fanning yirik markazlariga aylantirish bo‘yicha boshlagan katta ishlarimizni jadal davom ettirishimiz lozim.

Ta’lim sohasining yana bir muhim vazifasi – faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, Vatan va xalq manfaatlarini qat’iy himoya qila oladigan, zamonaviy, keng fikrlaydigan yoshlar avlodini shakllantirishdan iborat.  Shu sababli “Uzluksiz ta’lim tizimida ijtimoiy fanlarni o‘qitish tartibi va tamoyillari konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish ob’ektiv zaruratga aylanmoqda, deb o‘ylayman.

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Jamiyatimizda bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni deb e’tirof etmoqdamiz.  Shundan kelib chiqib, ularning hurmat-e’tiborini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, sha’ni va g‘ururini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni albatta yangi pog‘onaga ko‘taramiz.

Siz, azizlarni qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, ezgu faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Hamisha sog‘-omon bo‘ling, muhtaram ustozlar!

 

Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti