O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Germaniya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi | O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat Zaxiralarini Boshqarish Qo'mitasi
×
AsosiyQo'mita haqidaTender va konkurslarQonunchilik bazasiDavlat ramzlariSayt xaritasiYangiliklarAloqa

O'zbekiston yangiliklari

03.11.2022

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Germaniya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi

1-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari darajasida sermahsul almashinuvlarni davom ettirish, birgalikdagi ishbilarmonlik tashabbuslari va biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini samarali ishga solish, madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 45 foizga oshdi. Jalb etilgan investitsiyalar hajmi joriy yil yakuniga borib 1 milliard yevrogacha bo‘ladi. Xususan, bugungi kunda O‘zbekistonda Germaniyaning 200 dan ortiq yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, moliyaviy-texnik hamkorlik, shu jumladan «KfW» banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati ishtirokida kengayib bormoqda.

Tashqi siyosiy idora rahbari Annalena Berbok Yangi O‘zbekistondagi demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturi Germaniya tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor qayd etdi.

Tomonlar “yashil” iqtisodiyot, muqobil energetika, innovatsiyalar, resursni tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash, ilg‘or ta’lim metodikalarini joriy qilish kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.