Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz berdi | O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat Zaxiralarini Boshqarish Qo'mitasi
×
AsosiyQo'mita haqidaTender va konkurslarQonunchilik bazasiDavlat ramzlariSayt xaritasiYangiliklarAloqa

O'zbekiston yangiliklari

24.10.2021

Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni oila a’zolari bilan birga Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 59-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berish jarayonida ishtirok etdi.

Saylash va saylanish fuqarolarning eng asosiy siyosiy huquqlaridan biri. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida bu boradagi tenglik va erkinlik kafolatlangan.

Oxirgi besh yilda milliy saylov qonunchiligimiz takomillashtirildi hamda saylovlarni o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu yilgi Prezident saylovlari ilk bor 2019 yilning 25 iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida o‘tmoqda. 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 ta saylov okrugi va 10 ming 761 ta saylov uchastkasi tuzildi. 

Saylovda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya ishtirok etmoqda. Buning uchun ularga teng va erkin sharoit yaratildi.

Bu yilgi jarayonlar mamlakatimizda demokratiya rivojlangan, aholining siyosiy faolligi yanada oshgan muhitda o‘tdi. Partiyalar o‘rtasida ham, saylovchilar o‘rtasida ham qizg‘in bahs, muhokamalar bo‘ldi. Nomzodlar bir birining saylovoldi dasturiga tanqidiy munosabat bildirdi. Ularning vakillari o‘rtasida teledebatlar bo‘lib o‘tdi.

Saylovni qariyb ellikta davlat va yigirmaga yaqin nufuzli xalqaro tashkilotdan jami 971 nafar xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bormoqda. Saylov jarayonlarida oshkoralikni ta’minlash va xabardorlikni oshirish maqsadida 1 ming 700 nafarga yaqin mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

Prezident saylovi mamlakat kelajagi uchun muhim siyosiy voqeadir. Fuqarolar buni chuqur his etib, saylovda faol ishtirok etmoqda.